“Davlat organlari ochiqligini taʼminlashda raqamli imkoniyatlar”

“Davlat organlari ochiqligini taʼminlashda raqamli imkoniyatlar”

09.04.2021, 09:29

Hozirgi vaqtda davlatlar rivojlanishning raqamli davriga bosqichma bosqich o‘tmoqdalar. Shu munosabat bilan davlat boshqaruvi tizimining ham turli xil vositalarini takomillashtirib borish talab etiladi. Davlat organlari faoliyatining ochiqligini ta’minlash har qanday davlatda davlat boshqaruv tizimini demokratlashtirishning muhim vositalaridan biridir.

O‘zbekistonda olib borilayotgan islohotlar doirasida davlat organlari faoliyatining ochiqligi ularning faoliyati to‘g‘risida maʼlumot olish huquqining kafolatlarini taʼminlashda hal qiluvchi hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi.
Shu munosabat bilan 2017 — 2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasining asosiy yo‘nalishlaridan biri bu davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligini ta’minlash, jismoniy va yuridik shaxslarning huquq va erkinliklari hamda qonuniy manfaatlariga oid axborotni taqdim qilishning zamonaviy shakllarini joriy etish hisoblanadi.

Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasida Ma’muriy islohotlar konsepsiyasida ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyatining shaffofligi va ochiqligini ta’minlash, jismoniy va yuridik shaxslarga axborot taqdim etishning zamonaviy shakllarini joriy qilish, jamiyat va biznes bilan o‘zaro hamkorlik qilishda ortiqcha ma’muriy sarf-xarajatlarga barham berish O‘zbekistonda mutlaqo yangi, samarali va yaxshi ishlaydigan davlat boshqaruvi tizimini yaratish borasidagi ustuvor vazifa hisoblanadi.

Ushbu sohada keng ko‘lamli chora-tadbirlarni amalga oshirish uchun davlat organlari faoliyatining ochiqligi va oshkoraligi darajasini, shuningdek, fuqarolarning davlat boshqaruvi sifatidan qoniqishini ta’minlaydigan zamonaviy raqamli texnologiyalarni joriy etish zarur.

Yuqoridagilarni inobatga olgan holda, “Tashkent Law Spring” II Xalqaro huquqiy forumining sessiyalaridan biri raqamli texnologiyalarni joriy etish orqali davlat organlari faoliyatining ochiqligini ta’minlash masalalariga bag‘ishlangan. Sessiya doirasida quyidagi dolzarb masalalarni muhokama qilish rejalashtirilgan:

– davlat organlari faoliyatining ochiqligini ta’minlash sohasidagi qonunchilikni takomillashtirish;

– davlat organlari faoliyatida zamonaviy raqamli texnologiyalardan foydalanishning samarali mexanizmlari;

– davlat organlarida axborot ochiqligini ta’minlashning samarali vositalari;

– davlat organlarining fuqarolik jamiyati institutlari, ommaviy axborot vositalari bilan o‘zaro samarali hamkorligini oshirishga doir chora-tadbirlar;

– davlat axborot xizmatlaridan universal foydalanishni ta’minlashning zamonaviy mexanizmlari.

Sessiyada davlat boshqaruvi va davlat xizmatlarini raqamlashtirish bo‘yicha katta tajribaga ega bo‘lgan nufuzli xorijiy tashkilotlarning vakillari ishtirok etadi.

Masalan, ushbu sessiyada Buyuk Britaniyaning Government Digital Service tashkilotining raqamli texnologiyalar bo‘yicha vakili Jyud Xanan va Estoniya Fanlar akademiyasining a’zosi – Lauri Malkso, Huquqiy texnologiyalarni rivojlantirish bo‘yicha Astana xalqaro moliya markazi Maslahat kengashi rahbari hamda Oxford Deep Tech Dispute Resolution Lab loyihasi hammuassisi – Mark Bier Obe, Tartu universiteti yuridik fakulteti Xalqaro ommaviy huquq va inson huquqlari bo‘yicha katta ilmiy xodimi – Merilin Kivorig kabi ekspertlar ishtirok etadi.

Tashkilotchi

Minjust

Hamkorlar