Qonun har bir davlatning harakatlantiruvchi kuchi, jamiyat hayotining turli sohalarida maqsadli islohotlarni amalga oshirish poydevori bo’lib xizmat qiladi. Har bir mamlakat huquqiy axborot tarqatish orqali aholining huquqiy savodxonligini oshirish, norma ijodkorligi sohasida o’z tajribasiga ega. Tahlil qilish, o’rganish va ushbu tajribalar bilan tanishish esa o’z navbatida mamlakatlar norma ijodkorligi faoliyatiga eng samarali va asl mexanizmlarni tatbiq qilish imkonini yaratadi.
Bugungi kunda yagona davlat huquqiy siyosatini, jumladan norma ijodkorligi faoliyatini sifatli tashkil etish, izchil va bir xil huquqni qo‘llash amaliyotini shakllantirish, davlat boshqaruvi tizimining samaradorligini ta’minlash, aholining huquqiy madaniyatini oshirish, fuqarolarga malakali yuridik yordam ko‘rsatish borasida adliya organlari va muassasalari faoliyatini yanada rivojlantirish, shuningdek, sohaga raqamli texnologiyalarni keng joriy etish bosqichma bosqich isloh qilinmoqda.
2017 — 2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasining asosiy yo‘nalishlaridan biri sifatida davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligini ta’minlash, jismoniy va yuridik shaxslarning huquq va erkinliklari hamda qonuniy manfaatlariga oid axborotni taqdim qilishning zamonaviy shakllarini joriy etish ko’rsatib o’tilgan. Shu munosabat bilan ushbu sohada aholining faol fuqarolik pozitsiyasini kuchaytirish, jamiyatda huquqiy madaniyat va huquqiy ongni yanada yuksaltirish maqsadida davlat hokimiyati va boshqaruv organlarining hamkorligini, shuningdek xalqaro hamkorlikni ta’minlash muhim ahamiyat kasb etadi.
Yuqoridagilarni inobatga olgan holda, “Tashkent Law Spring” II Xalqaro huquqiy forumining sessiyalaridan biri huquqiy axborotni tarqatish sohasidagi muammolarni tahlil qilish va rivojlanish istiqbollarini o’rganish masalalariga bag‘ishlangan. Sessiya doirasida quyidagi dolzarb masalalarni muhokama qilish rejalashtirilgan:
– huquq sohalarini raqamlashtirish jarayonida huquqiy axborotni tarqatish va undan foydalanish;
– davlat organlarida axborot ochiqligini ta’minlashning samarali vositalari;
– davlat axborot xizmatlaridan universal foydalanishni ta’minlashning zamonaviy mexanizmlari;
– huquqiy axborotni tarqatish, mazkur sohada tajriba almashish va xorijiy davlatlarning tegishli tashkilotlari bilan bu borada hamkorlikni kuchaytirish bo’yicha amalga oshirilayotgan islohotlar haqida xalqaro hamjamiyatni xabardor qilish masalalari.
Sessiyada davlat boshqaruvi va davlat xizmatlarini raqamlashtirish jarayonlari davrida huquqiy axborotni tarqatish yo’nalishida katta tajribaga ega bo‘lgan nufuzli xorijiy tashkilotlarning vakillari ishtirok etadi. Jumladan, sessiyada Rossiya Federatsiyasi Adliya vazirligi huzuridagi Huquqiy axborot ilmiy markazi, Belorus Respublikasi Huquqiy axborot milliy markazi, Qozog’iston Respublikasi qonunchilik va huquqiy axborot instituti, Qirg’iziston Respublikasi Adliya vazirligining advokatura va huquqiy targ’ibot boshqarmasi, Armaniya Respublikasi Adliya vazirligining Huquqiy tadqiqotlar va qonunchilikni rivojlantirish markazi hamda Kanada Toronto universitetining Huquq fakulteti vakillari ishtirok etadi.