Intellektual mulk muhofazasi har bir davlatning iqtisodiy o‘sishi, ko‘p tarmoqli korxonalarning tashkil etilishi va buning natijasida ko‘plab ish o‘rinlarini yaratilishi, shuningdek har bir mamlakatning investitsiyaviy jozibadorligini oshirishga ijobiy ta’sir ko‘rsatuvchi omil hisoblanadi.
Ta’kidlash lozimki, 2017 — 2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasining asosiy yo‘nalishlaridan bu iqtisodiyotni rivojlantirish va liberallashtirish bo‘lib, bunda intellektual mulkni va iste'molchilar huquqlarini himoya qilishni yanada rivojlantirish, shu jumladan, tovar belgilari, sanoat namunalariga bo‘lgan huquqlarni ro‘yxatdan o‘tkazish va patentlarni berish tartibotlarining shaffofligini oshirish eng muhim vazifalardan biri hisoblanadi.
Shuningdek, intellektual mulk muhofazasi sohasida keng ko‘lamli
chora-tadbirlarni amalga oshirish, bu sohada xalqaro tajribani o‘rganish
va intellektual mulkka oid milliy qonunchilikni takomillashtirish, mazkur sohada vujudga kelayotgan huquqbuzarlikni oldini olish, jamiyatda intellektual mulkka hurmat hissini shakllantirish bugungi kunning dolzarb masalalaridan biridir.
Yuqoridagilarni inobatga olgan holda, “Tashkent Law Spring” II Xalqaro huquqiy forumining sessiyalaridan biri “Intellektual mulk muhofazasi: dolzarb muammolar va ularni hal etish yo’llari” mavzusiga bag’ishlangan. Sessiya doirasida quyidagi masalalar muhokama qilinishi rejalashtirilgan:
– Kontrafakt mahsulotlariga qarshi kurashish: mavjud amaliyot va dolzarb muammolar;
– “Ex-officio” va intellektual mulk huquqlarining bojxona nazorati;
– Raqamli muhitda intellekual mulk muhofazasi;
– Mulkiy huquqlarni jamoaviy boshqaruvchi tashkilotlar faoliyatini takomillashtirish;
– Yevropa va Markaziy Osiyoda geografik ko‘rsatkichlar. FAOning Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqaviy byurosi tajribasi va 2021-2022 yillarga mo‘ljallangan rejalari;
– Qishloq xo‘jaligi biznesini rivojlantirishda geografik ko‘rsatkichlarning o‘rni: mavjud vositalar, mexanizmlar va afzalliklar;
– Geografik ko‘rsatkichlar sifatli qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini targ’ib qilish vositasi.
Sessiyada intellektual mulk muhofazasi bo‘yicha katta tajribaga ega bo‘lgan nufuzli xorijiy tashkilotlarning vakillari ishtirok etadi.
Xususan, ushbu sessiyada Butunjahon intellektual mulk tashkilotining (BIMT) Kavkaz, Markaziy Osiyo va Sharqiy Yevropa mamlakatlari bo’limi boshlig’i – Ilya Gribkov, BIMTning Intellektual mulkka nisbatan hurmat hissini shakllantirish bo’limi katta yurist konsulti – Samer Al-Taranex va ushbu bo‘lim huquqiy maslahatchisi – Tomas Dillon, Lyubliana Universiteti professori – Bojan Pretnar (Sloveniya), BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) vakilli – Dmitriy Zvyagentsev hamda FAO xalqaro ekspertlari – Irina Kireeva
va Ozden Ilkhan kabi mutaxassislari ishtirok etadi.