Tartibga solish ta’sirini baholash va korrupsiyaga qarshi ekspertiza

Tartibga solish ta’sirini baholash va korrupsiyaga qarshi ekspertiza

10.04.2021, 11:09

Davlat tomonidan tartibga solishning samaradorligi va sifati amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar muvaffaqqiyatining muhim omillaridan biri hisoblanadi. Shu boisdan norma ijodkorligi faoliyatining barcha bosqichlarida yuqori sifatni ta’minlash imkonini beruvchi tizimli yondashuvni belgilash zarur.

Sifatsiz tartibga solish jamiyat va davlat farovonligiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi, tadbirkorlar va fuqarolarning ortiqcha xarajatlariga sabab bo‘ladi, davlat boshqaruvi jarayonlarini yanada murakkablashtiradi hamda korrupsiya xatari darajasini oshiradi.

Normativ-huquqiy hujjatlar jamiyatning turli qatlamlari manfaatlariga ta’sir ko‘rsatishi bois, ularni ishlab chiqish jarayonida mazkur hujjatlarni qo‘llash natijasida u yoki bu shaxslar guruhi uchun yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan salbiy oqibatlarni, shuningdek korrupsiyaga sharoit yaratadigan normalarni aniqlash
va bartaraf etish muhim ahamiyat kasb etadi.

Tartibga solish ta’sirini baholash xalqaro amaliyotga keng joriy qilingan institut bo‘lib, hujjatlarni qabul qilish bosqichida asossiz va maqsadga muvofiq bo‘lmagan qarorlarga chek qo‘yish, amaliyotga tatbiq etilayotgan tartibga solishning belgilangan maqsadga erishish imkoniyatlari, shuningdek yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan oqibatlarni aniqlashda ijobiy samara beradi.

Shu bois, “Tashkent Law Spring” II Xalqaro huquqiy forumining sessiyalaridan biri tartibga solish ta’sirini baholash va korrupsiyaga qarshi ekspertiza masalalariga bag‘ishlangan. Sessiya doirasida quyidagi dolzarb mavzularni muhokama qilish rejalashtirilgan:

Yevropa ittifoqida “sifatli boshqaruv” amaliyoti;

Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti mamlakatlarida tartibga solish ta’sirini baholash: rivojlanayotgan mamlakatlar uchun yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan murakkabliklar;

Byurokratik boshqaruvdan smart boshqaruv sari;

O‘zbekistonda yangi tartibga solish ta’sirini baholash tizimi: strategik ahamiyati, yutuqlari va murrakabliklari;

Belarus Respublikasida kriminologik (korrupsiyaga qarshi) ekspertiza instituti: yaralishi, amaliyoti va takomillashtirilishi.

Sessiyada samarali tartibga solish va qonunchilik hujjatlarini tahlil etish bo‘yicha katta tajribaga ega bo‘lgan nufuzli xorijiy tashkilotlarning vakillari, jumladan, Yevropa komissiyasi, Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, Belarus Respublikasi Bosh prokuraturasi ekspertlari ishtirok etadi.

Tashkilotchi

Minjust

Hamkorlar