“Raqamli davrda sud hokimiyatining mustaqilligi, adolatliligi va xolisligini ta’minlash”

“Raqamli davrda sud hokimiyatining mustaqilligi, adolatliligi va xolisligini ta’minlash”

10.04.2021, 11:17

Ma’lumki, hozirgi vaqtda davlatlar rivojlanishning raqamli davriga bosqichma bosqich o‘tmoqdalar. Shu munosabat bilan ushbu davrda sud hokimiyating mustaqilligi, xolisligi va adolatliligini ta’minlash dolzarb masalalardan biri hisoblanib, sud hokimiyatida raqamli texnologiyalarni takomillashtirib borish talab etiladi.

O‘zbekistonda olib borilayotgan islohotlar doirasida sud hokimiyatining mustaqilligini, uning adolatliligi va xolisligini taʼminlash alohida ahamiyat kasb etadi. 2017 – 2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasining asosiy yo‘nalishlaridan biri bu sud hokimiyatining chinakam mustaqilligini ta’minlash, sudning nufuzini oshirish, sud tizimini demokratlashtirish va takomillashtirish, shu jumladan sudlar faoliyatiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish hisoblanadi.

Shu bilan birga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Sudyalarning chinakam mustaqilligini ta’minlash hamda sud tizimida korrupsiyaning oldini olish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2020-yil 7-dekabrdagi
PF–6127-son Farmonida sudyalik lavozimiga nomzodlar va sudyalarning psixologik portreti bo‘yicha kasbga munosibligini baholashga ko‘maklashuvchi elektron dasturni ishlab chiqish va joriy qilish, sudya faoliyatining samaradorligini elektron reyting orqali ochiq va shaffof baholashni ta’minlaydigan aniq mezonlarni ishlab chiqish va amaliyotga tatbiq etish vazifalari belgilangan.

Raqamli davrda sudlarning mustaqilligi, adolatliligi va xolisligini ta’minlash uchun sudlar faoliyatiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish va ularni takomillashtirib borish zarur.

Yuqoridagilarni inobatga olgan holda, “Tashkent Law Spring” II Xalqaro huquqiy forumining sessiyalaridan biri raqamli davrda sud hokimiyatining mustaqilligi, adolatliligi va xolisligini ta’minlash masalalariga bag‘ishlangan. Sessiya doirasida quyidagi dolzarb masalalarni muhokama qilish rejalashtirilgan:

– raqamli davrda sud hokimiyatining mustaqilligi, adolatliligi va xolisligini ta’minlashning ahamiyati;

– sud protsessida zamonaviy-axborot texnologiyalaridan foydalanish yuzasidan qonunchilikni takomillashtirish;

– sudya faoliyati samaradorligini elektron reyting orqali ochiq va shaffof baholashning samarali mexanizmlari;

– raqamli davrda sudlar faoliyatida axborot ochiqligini ta’minlashning zamonaviy vositalari;

– sudlar axborot xizmatlaridan universal foydalanishni ta’minlashning zamonaviy mexanizmlari.

Sessiyada yuqorida nazarda tutilgan masalalar bo‘yicha yuqori tajribaga ega bo‘lgan xorijiy tashkilotlarning vakillari ishtirok etadi.

Masalan, ushbu sessiyada Birlashgan Millatlar Tashkilotining sudyalar va huquqshunoslar masalalari bo‘yicha maxsus ma’ruzachisi – Diego Garsia-Sayan, YUNESKOning Jurnalistlarning xavfsizligi va so‘z erkinligi bo‘limi boshlig‘i – Gilyerme Kanela De Souza Godoi, Federal sud markazining sobiq direktori, Kaliforniya universitetining Berkley sud institutining direktori – Sudya Jeremy D. Fogel, Britaniya sudyasi va advokati – ser Stefen Irvin, Sloveniya Oliy sudi prezidenti – Damian Floryanchich va Jahon banki guruhining institutsional rivolanish va davlat sektori mutaxassisi – Klara Lahud Magani kabi ekspertlar ishtirok etadi.

Tashkilotchi

Minjust

Hamkorlar