“Elektron notariat – kelajakka nazar”

“Elektron notariat – kelajakka nazar”

10.04.2021, 11:22

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Sh. Mirziyoyev tomonidan
“2017–2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi” qabul qilingan.

Mazkur “Harakatlar strategiyasi”ning asosiy maqsadi – davlat va jamiyat qurilishi tizimini takomillashtirish, qonun ustuvorligini taʼminlash va sud-huquq tizimini yanada isloh qilish, iqtisodiyotni rivojlantirish va liberallashtirish, ijtimoiy sohani rivojlantirish, havfsizlik, millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikni taʼminlash hamda o‘zaro manfaatli va amaliy tashqi siyosat sohasida ustuvor yo‘nalishlarni belgilash hisoblanadi. Shuningdek, aholiga ko‘rsatilayotgan yuridik yordam va huquqiy xizmatlar sifatini tubdan yaxshilash, notariat sohasini isloh qilish masalalari ham aynan shu hujjat bilan belgilangan.

“Harakatlar strategiyasi”ga muvofiq hamda jismoniy va yuridik shaxslarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilishda notariat institutining roli va ahamiyatini oshirish, shuningdek, aholiga ko‘rsatilayotgan notarial xizmatlarning sifatini yaxshilash maqsadida Prezidentimizning 2018 yil 25 mayda “Nizolarning oldini olishga qaratilgan institut sifatida notariat tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ–3741-son qarori imzolandi.

Shu bois, aholiga ko‘rsatilayotgan notarial xizmatlarning sifati va tezkorligini oshirish, notarial idoralardagi uzundan-uzun navbatlar mavjudligi oldini olish, zamonaviy innovatsion va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish, idoralararo elektron hamkorlikni yo‘lga qo‘yish ishlarini amalga oshirish, notarial idora xodimlari tomonidan o‘z funksional vazifalarini lozim darajada bajarilishi ustidan nazorat qilishning samarali mexanizmi, ayniqsa, masofadan nazorat qilish usullarini to‘liq shakllantirish ustuvor vazifalardan biri hisoblanadi.

Mazkur keng ko‘lamli chora-tadbirlarni amalga oshirish uchun notariat sohasiga zamonaviy raqamli texnologiyalarni joriy etish, yaʼni butkul elektron notariat tizimiga o‘tish va yo‘lga qo‘yish zarur ekanligini korsatadi.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, “Tashkent Law Spring” II Xalqaro huquqiy forumining sessiyalaridan biri “Elektron notariat – kelajakka nazar” masalalariga bag‘ishlangan. Sessiya doirasida quyidagi dolzarb masalalarni muhokama qilish rejalashtirilgan:

- “Hujjatlarni elektron saqlash va masofadan turib notarial tasdiqlashning xavfsiz texnologiyasi”;

- “Rossiyaning raqamli notariati: yutuqlar va istiqbollar” – davlat organlarida axborot ochiqligini taminlashning samarali vositalari;

- “Notarial harakatlarning masofaviy tasdiqlanishi: qanday qilib fuqarolik-huquqiy munosabatlarning ishonchliligini saqlash mumkin?”;

- “E-notariat”ni Ukrainada tatbiq etish xususiyatlari”;

- “Xalqaro notariuslar ittifoqining “Masofaviy notarial tasdiqlash boʼyicha yoʼriqnomasi”;

- “Masofaviy harakatlar va masofadan turib ko‘rish“;

- “Blokcheyn texnologiyasi”.

Sessiyada Elektron notariat hamda zamonaviy raqamli texnologiyalarni joriy etish masalalari boyicha katta tajribaga ega bo‘lgan nufuzli xorijiy tashkilotlar
va xorijiy davlatlarning vakillari ishtirok etadi.

Masalan, mazkur sessiyada Germaniya notariuslari Federal palatasining xalqaro aloqalar boʼyicha bosh vakili – Richard Bok, Rossiya notarial palatasi Prezidenti – Konstantin Korsik, Litva notarial palatasi prezidenti – Maryus Strachkaytis, Ukraina Notarial palatasi prezidenti – Vladimir Marchenko, Xalqaro Notariuslar Ittifoqining “Yangi texnologiyalar” boʼyicha ishchi guruhi raisi – Me Karlo Alberto Markoz, Germaniya notariuslari Federal palatasining Xalqaro ishlar boʼyicha huquqiy maslahatchi – Veronika Kormann, Frantsiya notarial palatasi vakili – Dejua Antuan kabi expertlar ishtirok etadi.

Tashkilotchi

Minjust

Hamkorlar