Xalqaro yuridik forumda erishilgan dastlabki natijalar

Xalqaro yuridik forumda erishilgan dastlabki natijalar

24.04.2021, 10:35

Markaziy Osiyo yurisprudentsiya sohasidagi yirik xalqaro tadbir boʼlgan mazkur forum kuni kecha oʼz ishini boshlagan edi. Oʼzbekiston Respublikasi Аdliya vazirligi tomonidan hamkor tashkilotlar ishtirokida tashkil etilgan tadbirda huquqni rivojlantirish muammolari va zamonaviy tendentsiyalari muhokama qilinmoqda.

Yetakchi xalqaro va mahalliy ekspertlarni jamlagan holda forumda ochiq muloqot maydonchasi yaratildi. Xalqaro huquq hamjamiyati Oʼzbekistonda amalga oshirilayotgan keng koʼlamli huquqiy islohotlardan xabardor boʼlmoqda.

Singapur yuridik jamiyati prezidenti Gregori Vidjayendran koronavirus bilan bogʼliq vujudga kelgan murakkab epidemiologik vaziyat huquq sohasida texnologiya vositalaridan keng foydalanish jarayonlarini jadallashtirganini taʼkidlab oʼtdi.

“Central Asia Tech Law” asoschisi Аmmar Yonas esa Markaziy Osiyo davlatlarida sunʼiy intellektning huquq sohasida keng qoʼllanish istiqbollari masalalariga alohida toʼxtalib, bunda nazariy olimlar va amaliyotchi mutaxassislar oʼrtasida oʼzaro hamkorlikni yanada oshirish lozimligini aytib oʼtdi.

Shu bilan birga, Oʼzbekistonda yuristlar, shu jumladan, advokatlarning yetishmasligi sharoitida Legal Tech dasturlarini yaratish va amaliyotga joriy etish kelajakda advokatlarning Legal Tech yordamida koʼplab fuqarolarga qisqa fursatlarda yuridik xizmat koʼrsatish imkoniyatini oshirishi taʼkidlab oʼtildi.

“Tashkent Law Spring” II xalqaro huquqiy forumi doirasida Oʼzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan Singapur Huquq vazirligi bilan Huquq sohasidagi hamkorlik toʼgʼrisidagi oʼzaro anglashuv memorandumi, shuningdek, Ozarbayjon Respublikasi Adliya vazirligi hamda Qozogʼiston Respublikasi Adliya vazirligi bilan 2021-2022 yillarga moʼljallangan ikki tomonlama hamkorlik dasturlari imzolandi.

Singapur Huquq vazirligi bilan tuzilgan memorandumning maqsadi oʼzaro tenglik va manfaatdorlik asosida huquq sohasida ikki tomonlama hamkorlikni ragʼbatlantirish uchun institutsional hamkorlik munosabatlariga asos solishdir.

Memorandum doirasida qonun ustuvorligini targʼib qilish, yuridik xizmatlar koʼrsatish, xalqaro tijorat nizolarini hal qilish boʼyicha xizmatlarni targʼib qilish, yuridik kadrlarni tayyorlash va malakasini oshirish hamda boshqa sohalarda oʼzaro manfaatli hamkorlik amalga oshiriladi.

Forumning ikkinchi ish kunida huquqiy axborot tarqatish orqali aholining huquqiy madaniyatini oshirish hamda norma ijodkorligi masalalariga eʼtibor qaratildi.

Oʼzbekistonda davlat huquqiy siyosatini, jumladan, aholining huquqiy madaniyatini oshirish, fuqarolarga malakali yuridik yordam koʼrsatish borasida adliya organlari va muassasalari faoliyatini yanada rivojlantirish, shuningdek, sohaga raqamli texnologiyalarni keng joriy etish bosqichma-bosqich isloh qilinmoqda.

Xalqaro forum doirasida oʼtkazilgan “Huquqiy axborot: zamonaviy muammolar va rivojlanish istiqbollari” mavzuidagi davra suhbatida shu haqda soʼz yuritildi.

Tadbirda huquq sohalarini raqamlashtirish jarayonida huquqiy axborotni tarqatish va undan foydalanish, davlat organlarida axborot ochiqligini taʼminlashning samarali vositalari, davlat axborot xizmatlaridan universal foydalanishni taʼminlashning zamonaviy mexanizmlari boʼyicha fikr almashildi.

Davra suhbatida “Аdolat” milliy huquqiy axborot markazi direktori — Furqat Tojiev “Huquqiy axborotni tarqatish sohasidagi islohotlar, shuningdek, “Аdolat” milliy huquqiy axborot markazining yangi vazifalari xususida ishtirokchilarga batafsil maʼlumot berdi.

Qozogʼiston Respublikasi Adliya vazirligi Qonun hujjatlari va huquqiy maʼlumotlar institutining RFB maʼlumotlar bazalarini shakllantirish departamenti direktori – Liliana Say “Qozogʼistonning huquqiy tizimlari: zamonaviy haqiqatlar”, Qirgʼiziston Adliya vazirligi Advokatlik va huquqiy targʼibot departamentining yetakchi mutaxassisi Qutman Kubatbekov “Qirgʼizistonning huquqiy tizimlari: zamonaviy tendentsiyalar”, Rossiya Federatsiyasi Аdliya vazirligining Huquqiy axborot ilmiy markazining ilmiy-texnik kengashi raisining oʼrinbosari, texnika fanlari doktori, professor Mixail Cergin “Zamonaviy muammolar va ularni Rossiya Federatsiyasining huquqiy sohasidagi raqamli transformatsiya yoʼli bilan yengish”, Armaniston Adliya vazirligi Qonunchilikni rivojlantirish va huquqiy tadqiqotlar markazi direktorining oʼrinbosari-eksperti Lilit Petrosyan “Huquqiy hujjatlarga sharhlar ishlab chiqish faoliyati”, Belarusь Respublikasi Huquqiy axborotlashtirish boshqarmasi boshligʼi —Аleksandr Brausov “Global raqamli transformatsiya davrida huquqiy maʼlumotlarga kirish: Belarus Respublikasi tajribasi”, Xitoy Shimoliy-Gʼarbiy institutining xalqaro huquq professori Xiumei Wang huquq sohasini raqamlashtirishga oid mavzuda maʼruzalar qiladi.

Tashkilotchi

Minjust

Hamkorlar