2020 yilning 23-25 aprel kunlari Toshkent shahrida “Tashkent Law Spring” II Xalqaro yuridik forumi boʼlib oʼtadi.
Forum Oʼzbekiston Respublikasi Аdliya vazirligi tomonidan hamkor tashkilotlar ishtirokida ikkinchi marotaba tashkil etilmoqda.
Maʼlumot uchun: “Tashkent Law Spring” Xalqaro yuridik forumi ilk marotaba 2019 yilning aprelь oyida tashkil etildi. Unda 1 200 nafardan ortiq huquqshunos va boshqa sohalar mutaxassislari ishtirok etib, ulardan 250 nafari 40 dan ziyod mamlakatdan tashrif buyurgan xorijiy ishtirokchilardir. Forum sessiyalarida umumiy hisobda 134 nafar, shundan 100 nafar xorijlik ekspertlar maʼruza qildilar, Forum doirasida 12 ta hamkorlik boʼyicha bitim va memorandumlar imzolandi. Forum tadbirlari 100 ga yaqin mahalliy va xorijiy OАV lar tomonidan yoritildi.
2019 yilda oʼtkazilgan Xalqaro yuridik forum ham mahalliy, ham xorijiy mutaxassislar tomonidan katta qiziqish bilan kutib olingani tashkilotchilarni tadbirni 2020 yilda ham tashkil qilishga undadi.
Bugungi kunda, IT-texnologiyalarning inson hayotida keng oʼrin egallashi, globallashuvning kuchayishi va Internet jahon axborot tarmogʼining kengayishi huquq sohalariga ham bevosita taʼsir oʼtkazayotganini, ushbu masalalarni huquqiy tartibga solish muhim ekanligini inobatga olib, II Xalqaro yuridik forumning bosh mavzusi “Huquq 4.0” deb nomlandi hamda munozara sessiyalari mavzulari asosan Toʼrtinchi sanoat inqilobi sharoitida huquqning oʼrniga bagʼishlanadi.
Shu bilan birga, Forum tadbirlari davomida mediatsiya, arbitraj, advokatura, korporativ boshqaruv, qimmatli qogʼozlar, intellektual mulk, davlat xususiy sheriklik, korruptsiyaga qarshi kurash va komplaens, monopoliyaga qarshi kurash, huquqiy taʼlim va fan va boshqa koʼplab dolzarb mavzular muhokama qilinadi.
Forumda Oʼzbekiston va bir qator xorijiy mamlakatlar adliya vazirlari, sud va boshqa davlat organlari rahbarlari, xalqaro tashkilotlar, dunyoning yetakchi yuridik va konsalting firmalari vakillari, advokatlar, yurisprudentsiya, iqtisodiyot sohalaridagi taniqli olimlar, mutaxassislar va ekspertlarning ishtirok etishi kutilmoqda.
Tadbir qatnashchilari 20 ga yaqin munozara sessiyalari, davra suhbatlari, master-klass va taqdimotlarda ishtirok etishlari, xalqaro darajadagi va milliy ekspertlar lektsiyalarini tinglash imkoniyatiga ega boʼladilar.
Forum tadbirlari oʼzbek, rus va ingliz tillarida olib boriladi.
Forumda ishtirok etishni hohlovchilar http://tashkentlawspring.uz sayti orqali onlayn roʼyxatdan oʼtishlari mumkin.
Forumni yoritish istagida boʼlgan xorijiy va mahalliy ommaviy axborot vositalari vakillarining akkreditatsiyasi 2020-yilning 1-martidan boshlanadi va 15-aprelida toʼxtatiladi.
Forum haqida batafsil maʼlumotlarni http://tashkentlawspring.uz sayti yoki Аdliya vazirligi huzuridagi Huquqiy siyosat tadqiqot institutining (+99871) 268-28-41, (+99871) 268-28-43 telefon raqamlari orqali olish mumkin.
P.S. Xalqaro va mahalliy tijorat va notijorat tashkilotlari Forum doirasida homiylik yoki hamkorlik qilishlari mumkin.
Homiylik va hamkorlik masalalari boʼyicha aloqa: elektron manzil: sponsorship@tashkentlawspring.uz;
telefon: (+99871) 268 29 11.