“Fake, Fake news ва Fake Evidence”
Bu so’zlar axborotlashuv asriga xos bo’lib, “Xaos”ni uyg’otuvchi kuchga ega. Chunki soxta yangilik va soxta dalillar omma tomonidan ko’p hollarda “haqiqat” deb qabul qilinadi.
Feyk o’zi nima ? Feyk ─ (inglizcha) soxta, qalbaki degan ma'nolarni anglatadi. Feyklarga haqiqatga juda o‘xshash yolg‘on xabar, maxsus dasturlar orqali o‘zgartirilgan fotosuratlar, montaj qilingan videolar, ijtimoiy tarmoqlardagi yolg‘on akkauntlar misol bo‘la oladi. Umuman olganda feyk — asosan internet kanallari orqali tarqatiladigan soxta xabarlar yoki ma’lumotlardan iborat.
Albatta yolg‘on ma'lumotlarni tarqatuvchilar turli manfaatlarni ko‘zlaydi va yolg’on xabarlarning avj olishi barqarorlik va xavfsizlikka tahdid ko‘rsata oladi. Feyklardan kelayotgan tahdidga to’g’ri baxo berish va unga qarshi kurashishda nafaqat butun bir davlat balki, har bir fuqaro ham faol bo’lishi lozim.
Fransiya Milliy assambleyasi 2018 yil 20 noyabrda Saylov oʼtkazish jarayonida soxta yangiliklarni tarqatishni taqiqlash toʼgʼrisida ikkita qonun qabul qildi. Saylov oʼtkazilishidan 3 oy oldin "saylov haqqoniy natijalarini oʼzgartirish maqsadida noaniq yoki yolgʼon ayblov va maʼlumotlar" tarqatish taqiqlanadi. Siyosatchi yoki partiya bu jarayonda sudga murojaat qilishi va bunday axborotlarni nashr etish toʼxtatilishni talab qilishi mumkin.
Germaniya parlamenti tomonidan 2017 yilda qabul qilingan qonun ijtimoiy tarmoq adminstratorlariga nashr etilgan axborot haqidagi shikoyatlarni tezda qayta koʼrib chiqishga va qonunchilikni buzuvchi kommentariylarni olib tashlashga majburiyat yukladi. "Shubhasiz jinoiy" degan chiqishlar, tuhmat yoki soxta yangiliklarni tarqatishga qaratilgan axborotlar haqida shikoyat berilgan kundan boshlab 24 soat ichida oʼchirilishi yoki bloklanishi kerak.
Italiyada pochta politsiyasi tomonidan yangiliklar haqiqiyligini tekshirish mumkin boʼlgan onlayn xizmati ishga tushirildi. Bundan buyon italiyaliklar, kiber-jinoyatchilikka qarshi kurashadigan Italiya pochta politsiyasining veb-saytidagi "qizil tugma" tizimi orqali soxta axborotlar eʼlon qilingani toʼgʼrisida maʼlumot taqdim etishlari mumkin. Shikoyatlar maxsus dasturiy taʼminotga ega boʼlgan mutaxassislar guruhi tomonidan tahlil qilinadi.
Tez tarqalayotgan yangiliklar davrida yolgʼon axborot tarqatish butun boshli bir davlatning siyosati, biznes muhiti va hatto xavfsizligiga ham taʼsir koʼrsatadi. Bu mazkur faoliyatni huquqiy jihatdan tartibga solish zaruratini keltirib chiqarmoqda.
Shuni hisobga olgan holda «Tashkent Law Spring» II Xalqaro yuridik forumi ishchi dasturi sessiyalaridan birining mavzusi «Аxborot tarqatish huquqi: Fake News va Fake Evidence» etib belgilandi.
Mazkur sessiya doirasida Fake News va Fake Evidencening jamiyat, siyosat va mamlakatdagi iqtisodiy vaziyatga salbiy taʼsiri, axborot maydoni huquqiy monitoringining zamonaviy mexanizmlarini muhokama qilish rejalashtirilgan.
Mahalliy va xalqaro ekspertlar ularni huquqiy jihatdan tartibga solish, jumladan rivojlangan davlatlarda ularni tarqatish uchun belgilangan javobgarlik choralarini koʼrib chiqadildar. Shuningdek feyklarni fosh qilishning anʼanaviy usullari, muqobil axborot manbalarini izlash masalalari ochib beriladi.
Sessiya ishida yolgʼon axborot tarqatishga qarshi kurash sohasida boy ish tajribasiga ega yurisprudentsiya va jurnalistika sohalarining xorijiy va milliy ekspertlari ishtirok etadi.
«Tashkent Law Spring» II Xalqaro yuridik forumi sessiyalaridan birida - «Аxborot tarqatish huquqi: Fake News va Fake Evidence» mavzusi ham muhokamalar markazida bo’ladi. U joriy yilning 23-25 aprelь kunlari Toshkent shahrida boʼlib oʼtadi. Bu yilgi forum mavzusi — «Huquq 4.0. (Toʼrtinchi sanoat inqilobi sharoitida huquqning oʼrni)». Ishtirokchilarni onlayn roʼyxatga olish http://tashkentlawspring.uz veb-sayti orqali amalga oshirilmoqda.