Soʼnggi yilda intellektual mulk sohasida tub oʼzgarishlar roʼy berdi.
Xususan, Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 8 fevraldagi «Intellektual mulk sohasida davlat boshqaruvini takomillashtirish chora-tadbirlari toʼgʼrisida»gi qaroriga muvofiq Intellektual mulk agentligi Аdliya vazirligi tizimiga oʼtkazildi.
Oʼzbekiston mualliflik va turdosh huquqlar sohasidagi ikkita muhim xalqaro hujjat – Ijro va fonogramma boʼyicha Butunjahon intellektual mulk tashkiloti shartnomasi (Jeneva, 1996 yil 20 dekabr), Fonogramma tayyorlovchilarning manfaatlarini ularning fonogrammalari noqonuniy takrorlanishidan muhofaza qilish toʼgʼrisidagi Konventsiya (Jeneva, 1971 yil 29 oktyabr)ga qoʼshildi.
Intellektual mulk sohasiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari imkoniyatlarini joriy etish boʼyicha chora-tadbirlar koʼrilmoqda.
Bugungi kunda Internet tarmogʼida http://baza.ima.uz/ havolasi orqali foydalanish mumkin boʼlgan «Intellektual mulk» axborot tizimi mavjud.
Intellektual mulk agentligi sayti, shuningdek Interaktiv davlat xizmatlari yagona portalida intellektual mulk obʼektlari uchun huquqiy muhofaza olish uchun onlayn ariza topshirish imkoniyati yaratilgan.
Shu tariqa, zamonaviy texnologiyalar intellektual mulk sohasiga faol integratsiya qilinmoqda.
«Tashkent Law Spring» II xalqaro yuridik forum dasturi muhokama sessiyalaridan birining mavzusi «Raqamlashtirish davrida intellektual mulk” deb tanlangani bejiz emas. Sessiya davomida intellektual mulk sohasini zamonaviy texnologik jarayonlarga muvofiq rivojlantirish tendentsiyalari muhokama qilinadi.
Bundan tashqari, «Tashkent Law Spring» forumi doirasida 2001 yildan boshlab har yili 26 aprelda oʼtkaziladigan Xalqaro intellektual mulk kuniga bagʼishlangan tadbirlar oʼtkazish rejelashtirilmoqda.
Eslatib oʼtamiz, «Tashkent Law Spring» xalqaro yuridik forumi Oʼzbekiston Respublikasi Аdliya vazirligi tomonidan ikkinchi marotaba qator hamkor tashkilotlar koʼmagida tashkil etilmoqda. U joriy yilning 23-25 aprel kunlari Toshkent shahrida boʼlib oʼtadi. Bu yilgi forum mavzusi — «Huquq 4.0. (Toʼrtinchi sanoat inqilobi sharoitida huquqning oʼrni)». Ishtirokchilarni onlayn roʼyxatga olish www.tashkentlawspring.uz veb-sayti orqali amalga oshirilmoqda.